LessonLabUstozona

LessonLab · Ustozona

Maxfiylik siyosati

Oxirgi yangilanish: 2026-yil 26-sentabr

LessonLab va Ustozona — bitta jamoaning ikki brendi. Bu hujjat LessonLab xizmatlarini qamraydi: @UstozonaBot Telegram boti (ilgari @uzlessonlabbot), lessonlab.uz sayti va undagi Ustozona-Games oʻyinlari, OMR va QR skanerlar hamda bot ichidagi mini-ilova (keyingi oʻrinlarda — «platforma»). Ustozona saytining oʻz siyosati bor — ustozona.uz/privacy. Ikki xizmat oʻrtasida nima almashinishi pastda, 5-boʻlimda alohida yozilgan.

Qisqacha

  • Maʼlumotlaringiz sizniki: sotmaymiz va reklama uchun ishlatmaymiz.
  • Parol yoʻq — platformaga Telegram orqali, bir martalik tasdiq bilan kirasiz.
  • Ustozona bilan maʼlumot faqat siz akkauntlarni bogʻlasangiz almashadi — va faqat eng kami.
  • Hisobingizni istalgan vaqtda butunlay oʻchirishni soʻrashingiz mumkin.

1. Qanday maʼlumot yigʻamiz

  • Profil: Telegram ID, ism-familiya, username va profil rasmi (Telegram taqdim etadigan ochiq maʼlumot). Telefon raqami — botdan foydalanish uchun majburiy; faqat Telegram’ning «Raqamni yuborish» tugmasi orqali, ya’ni Telegram tasdiqlagan oʻz raqamingiz qabul qilinadi. Parol ishlatilmaydi va saqlanmaydi.
  • Siz yaratadigan kontent: sinflar, oʻquvchilar roʻyxati, testlar va natijalar, lugʻatlar, dars rejalari, taqdimotlar, materiallar va AI bilan suhbatlar konteksti.
  • Oʻyin natijalari: Ustozona-Games’da sinf bilan oʻynalganda — oʻquvchi ismi, ball va toʻgʻri javoblar soni (ustozning tahlili uchun). Jonli oʻyinda xona holati faqat oʻyin davomida (eng koʻpi 3 soat) saqlanadi, keyin oʻchiriladi.
  • Yuklangan eMaktab fayllari: tizim fayldan faqat darslar jadvalini (sinf, fan, mavzular, sanalar, vaqtlar) oʻqib oladi. Faylning oʻzi serverda saqlanmaydi.
  • Texnik jurnallar: xizmat barqarorligi uchun standart yozuvlar (soʻrov vaqti, xato yozuvlari).
  • Toʻlov: pulli xizmatlar joriy etilsa — faqat tarif va amaliyot yozuvlari. Bank kartasi raqamlari bizda hech qachon saqlanmaydi.

2. Nima uchun ishlatamiz

  • Hisobga kirish, sinflar, testlar, oʻyinlar va materiallarni sizga koʻrsatish;
  • AI generatsiya: test, dars rejasi va material tuzish uchun zarur kontekstni qayta ishlash;
  • Dars jadvalingiz asosida botda foydali eslatmalar yuborish;
  • Telefon raqami — akkauntni tiklash va jamoamiz siz bilan muhim masalada bogʻlanishi uchun; u boshqa foydalanuvchilarga koʻrsatilmaydi va reklama uchun ishlatilmaydi;
  • Texnik muammolarni aniqlash, murojaatlarga javob berish va xavfsizlikni taʼminlash;
  • Xizmat sifatini tahlil qilish va yaxshilash.

Maʼlumotlaringiz reklama maqsadida sotilmaydi va reklama beruvchilarga berilmaydi.

3. AI bilan qayta ishlash

Platforma AI generatsiya uchun yetakchi AI provayderlari xizmatlaridan foydalanadi. AI’ga faqat vazifa uchun zarur kontekst yuboriladi (masalan, dars mavzusi, sinf hajmi, jihozlar). Bu maʼlumotlar tegishli provayderlarning maxfiylik siyosatlari asosida qayta ishlanadi. Kontakt yoki toʻlov maʼlumotlaringiz AI provayderlariga yuborilmaydi.

4. Umumiy ustozlar bazasi

Material yoki testni «📤 Ulashish» tugmasi bilan umumiy bazaga joylasangiz, u barcha ustozlarga koʻrinadi — nomi, mazmuni va ismingiz bilan. Ulashish butunlay ixtiyoriy. Shaxsiy maʼlumot (masalan, oʻquvchilar ismi) bor materialni ulashishdan oldin uni olib tashlang.

5. Ustozona bilan bogʻlanish

Ustozona akkauntingizni Telegram bilan bogʻlash — ixtiyoriy (Ustozona → Sozlamalar → Telegram). Bogʻlasangiz, ikki xizmat faqat quyidagi eng kam maʼlumotni almashadi:

Bogʻlash

Ustozona sizga bir martalik kod beradi, siz uni @UstozonaBot’da ochasiz. Bot tasdiqlash uchun Ustozona akkauntingiz ismini va qisman yashirilgan email manzilini (masalan, a***@gmail.com) koʻrsatadi va ekrandagi kodni botdagi tugmalar bilan terishingizni soʻraydi — shunda begona odam sizning Telegramingizni oʻz akkauntiga ulay olmaydi. Tasdiqlangach faqat «Ustozona ID ↔ Telegram ID» juftligi saqlanadi.

Oʻyinlarga avtomatik kirish

Ustozona’da «Oʻyinlar» boʻlimini ochganingizda Ustozona serveri platformaga Ustozona ID, Telegram ID va ismingizni imzolangan soʻrov bilan yuboradi va evaziga 2 daqiqa amal qiladigan, bir martalik kirish chiptasini oladi. Chiptaning oʻzi saqlanmaydi — faqat uning xeshi, qisqa muddat server xotirasida. Parol, email, baholar yoki oʻquvchilar roʻyxati yuborilmaydi.

Uzish

Bogʻlanishni istalgan vaqtda Ustozona → Sozlamalar → Telegram boʻlimida uzasiz. Uzilgach juftlik oʻchiriladi; har ikki xizmatdagi maʼlumotlaringiz esa joyida qoladi.

6. Oʻquvchilar haqidagi maʼlumot

Oʻqituvchi sinfiga oʻquvchilarni qoʻshganda faqat minimal maʼlumot (ism, natijalar) kiritiladi va u faqat oʻsha oʻqituvchining tahlillari uchun ishlatiladi. Bu maʼlumotlarning toʻgʻriligi va kiritilishiga ruxsat masalasi oʻqituvchi va maktab zimmasida. 13 yoshdan kichik bolalardan toʻgʻridan-toʻgʻri maʼlumot yigʻilmaydi — platforma oʻqituvchilar uchun moʻljallangan. Jonli oʻyinga qoʻshilgan oʻquvchi faqat oʻzi kiritgan ism bilan qatnashadi.

7. Qayerda va qanday saqlanadi

Maʼlumotlar Supabase (PostgreSQL) bulut bazasida, Yevropa Ittifoqi hududidagi (Frankfurt) serverlarda saqlanadi — Ustozona bilan bitta bazada, lekin har xizmat oʻz jadvallarida. Bot va oʻyinlar serveri AWS bulutida ishlaydi. Ulanishlar shifrlangan (TLS), hisoblar oʻzaro qatʼiy ajratilgan, kirish bir martalik tasdiq bilan.

Zarur hollarda maʼlumotlar hosting, AI va toʻlov xizmatlarini koʻrsatuvchi uchinchi tomonlar bilan faqat xizmatni bajarish darajasida ulashilishi mumkin. Istisno — qonun talab qilgan holatlar.

9. Hisobni oʻchirish

Hisobingizni butunlay oʻchirishni @LessonLab_supportbot orqali soʻrashingiz mumkin. Soʻrov tasdiqlangach:

  • profil, sinflar, oʻquvchilar roʻyxati, testlar va natijalar oʻchiriladi;
  • dars rejalari, taqdimotlar, materiallar, jadvallar va eslatma yozuvlari oʻchiriladi;
  • umumiy bazaga ulashgan materiallaringiz soʻrovingizga koʻra olib tashlanadi;
  • Ustozona bilan bogʻlanish uziladi (Ustozona akkauntini oʻchirish — Ustozona’ning oʻz sozlamalarida);
  • amal qaytarilmaydi — oʻchirilgan maʼlumotni tiklab boʻlmaydi;
  • uchinchi tomon xizmatlarida (Telegram, AI provayderlar) saqlanadigan yozuvlar ularning oʻz siyosatiga koʻra boshqariladi.

10. Oʻzgarishlar

Siyosat oʻzgarishi mumkin. Muhim oʻzgarishlar haqida bot orqali xabar beramiz; sahifa tepasidagi sana doim joriy tahrirni koʻrsatadi.

11. Aloqa